“Vardonze qo‘rg‘oni” arxeologiya yodgorligi hududiga zarar yetkazilayotganligi bo‘yicha Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga kelib tushgan murojaat Milliy arxeologiya markazi, Madaniy meros agentligi va boshqa mutasaddi idoralar bilan birgalikda o‘rganildi.
Maʼlumot o‘rnida: IV-XV acplarga oid ushbu obyekt davlat muhofazasida bo‘lib, Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 4 oktyabridagi “Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari milliy ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 846-son qarori bilan tasdiqlangan moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari milliy Ro‘yxatida 603-raqam bilan moddiy madaniy meros obyekti sifatida ro‘yxatga olingan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 28 noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida milliy madaniyatni rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi PQ-4038-son qarorining 11-bandiga ko‘ra, obyektni Umumjahon madaniy merosi ro‘yxatiga kiritish bo‘yicha 2021 yil 4 oktyabrda YUNESKOga taklif kiritilgan.
O‘rganish jarayonida Buxoro viloyati Shofirkon tumanidagi “To‘ymurod Xolmurod o‘g‘li” fermer xo‘jaligi rahbari A.Q. tegishli idoralarning xulosalarini olmasdan obyektning muhofaza hududini og‘ir texnika yordamida surib, yer qazish, yer tuzish, ekin ekish va melioratsiya ishlarini amalga oshirganligi, jumladan, ariq qazib, fermer xo‘jaligi yer maydonini arxeologiya obyekti muhofaza maydoni hisobidan kengaytirganligi maʼlum bo‘ldi. Bu esa obyektning Rabod qismi madaniy qatlami yo‘qotilishi, hududdagi saksovul daraxtlarining nobud bo‘lishi hamda yer qaʼrida saqlanib kelayotgan qadimgi tarixiy topilmalarning yo‘qotilishiga sabab bo‘lgan.
Hujjatlarga ko‘ra, obyektning yer maydoni va muhofaza hududi tuman hokimligining 2013 yildagi qaroriga asosan 124 gektarni tashkil etgan. Ammo, 2015 yilda hokimlik qonunchilikka zid ravishda, tegishli idoralarning xulosalarisiz obyekt hududini 76 gektar etib belgilagan.
Shuningdek, qisqartirilgan yer maydoni fermer xo‘jaligiga yaylov sifatida foydalanish uchun berilgan, biroq amalda fermer uni ekin maydoniga aylantirib yuborgan.
O‘rganish yakunlari xulosasiga ko‘ra, arxeologiya yodgorligining Rabod qismi yer maydonining 1.800 kvadrat metr qismiga shikast yetkazilishi oqibatida davlat manfaatlariga 26 mlrd. 730 mln. so‘mlik zarar yetkazilganligi aniqlandi.
Agentlik tomonidan to‘plangan hujjatlar asosida ushbu holat yuzasidan Bosh prokuratura tomonidan Jinoyat Kodeksining 132-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Jinoyat ishi dastlabki tergov harakatlarini olib borish uchun Buxoro viloyat prokuraturasiga yuborildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati
