Skip to content
Antikorrupsiya.uz

Antikorrupsiya.uz

Korrupsiya taraqqiyotga qarshi eng zararli illatdir!

  • Xabarlar
  • Maqolalar
  • Toggle search form

Sog‘liqni saqlash tizimida kadrlar siyosati bilan bog‘liq korrupsion holatlar aniqlandi

Posted on March 18, 2022March 18, 2022 By antiadm No Comments on Sog‘liqni saqlash tizimida kadrlar siyosati bilan bog‘liq korrupsion holatlar aniqlandi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 12 noyabrdagi PF-6110-son Farmonning 11-bandi muvofiq, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan hamkorlikda sog‘liqni saqlash tizimida «Korrupsiyasiz soha» loyihasini amalga oshirish belgilangan.

Mazkur loyiha doirasida Agentlik vazirlik bilan birgalikda davolash profilaktika muassasalarida bepul va pullik tibbiy xizmat ko‘rsatilishi, tibbiyot muassasalarining joriy holati, dori vositalariva tibbiy anjomlar bilan taʼminlanganligi kabi qator masalalar yuzasidan joyiga chiqqan holda o‘rganish ishlari tashkil etib kelmoqda.

Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi va uning tarkibidagi muassasalarda jami 40,163 nafar tibbiyot xodimi faoliyat yuritayotgan bo‘lib, undan 2020-2021-yillarda 1 984 nafar soha xodimiga nisbatan turli shakldagi qonun buzilishi va korrupsiyaviy holatlar yuzasidan xizmat tekshiruvlari o‘tkazilgan.

Shuningdek, kasbiy vazifalarini lozim darajada bajarmaganva sustkashlikka yo‘l qo‘ygan 2 575 nafar xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomalari bekor qilingan. Shu muddat oralig‘ida 2  651 nafar tibbiyot xodimlari  intizomiy  javobgarlikka  tortilgan.

Tahlillarga ko‘ra,  viloyat sog‘liqni saqlash tizimida kadrlar siyosatining to‘g‘ri tashkil etilmaganligi, bunda ishga qabul qilish, lavozimga tayinlash va rotatsiya qilish jarayonida korrupsiyaviy xavf-xatarlarning oldini olishga qaratilgan aniq meʼyorlarning joriy etilmaganligi korrupsion holatlarni vujudga keltiruvchi asosiy omillardan  biri bo‘lib qolmoqda.

Jumladan, viloyat sog‘liqni saqlash tizimidagi kadrlarning ishlash davomiyligi o‘rganilganda 39 ta tibbiyot muassasasidagi kadrlar bo‘limiga masʼul shaxslarning 22 nafari (67 %) lavozimga tayinlanganligiga 6 yildan oshgan bo‘lib, shundan 7 nafari 25-27 yil, 4 nafari  10-20 yil,  11  nafari  esa  5-10 yildan  buyon ayni bir rahbarlik lavozimida  ishlab  kelmoqda. Bunday holatni viloyat tibbiyot muassasalari boshliqlari kesimida ham ko‘rish mumkin. Yaʼni, ulardan 4 nafari 10-20 yilgacha bo‘lgan muddatda, 3 nafari 10 yildan buyon  faoliyat ko‘rsatmoqda.   

Viloyatda tibbiyot muassasalari xodimlari tomonidan 2020-yilda 12 ta, 2021-yilda 16 ta holatda pora evaziga ishga qo‘yish uchun taʼmagirlik jinoyatlari sodir etilgan. 

Masalan, Shofirkon tumani tibbiyot birlashmasida kadrlar bo‘limi mansabdori 1998 yildan (23 yildan) buyon ishlab kelayotgan bo‘lib, ushbu mansabdor tomondan 2020 va 2021 yillarda birlashmada taʼmagirlik evaziga ishga joylashtirish bilan bog‘liq 2 ta jinoyat sodir etilgan. 

Yoki, Viloyat teri tanosil kasalliklari dispanserida kadrlar bo‘limi boshlig‘i 1994 yildan (27 yildan) beri ishlab kelayotgan bo‘lib, ushbu muassasada ham taʼmagirlik evaziga ishga joylashtirish bilan bog‘liq 2 ta jinoyat sodir etilgan.

Tizimda o‘rta maxsus maʼlumotli kadrlarning maqsadli tayyorlash tizimi to‘g‘ri prognozlashtirilmagani viloyatda xodimlarni ishga qabul qilinishi mavjud shtat birliklariga nisbatan nomutanosib tarzda shakllanishiga olib kelgan. Viloyatda birgina 2020-yilda tibbiyot texnikumlarini 1 391 nafar o‘quvchi bitirgan bo‘lib, ularning atigi 194 nafari (14%) tibbiyot muassasalariga ishga joylashgan.

Kadrlar siyosatida korrupiyaviy holatlarni keltirib chiqaruvchi omillardan yana biri aksariyat tibbiyot muassasalarida mehnat qonuchiligi talablariga zid ravishda yaqin qarindosh-urug‘larning  o‘zaro bo‘ysunuv asosida xizmat qilib kelayotganligidir. Jumladan, 493 ta holatda tibbiyot muassasada o‘zaro qarindoshlar faoliyat yuritayotgan bo‘lsa, shundan 214 ta holatda muassasa rahbariyatiga bevosita bo‘ysunib yoki uning nazorati ostida  xizmat  qilayotganligi maʼlum bo‘ldi.

Misol uchun, viloyat ruhiy-asab kasalliklari dispanserida 18 nafar o‘zaro qarindoshlar  birgalikda ishlab kelmoqda. Bu kabi holatlar deyarli barcha tibbiyot muassasalarida kuzatilmoqda.

Yuzaga kelayotgan korrupsion holatlar tibbiyot muassasalarida bo‘sh ish o‘rinlari (vakansiya)ni ochiqlamaslik, ular to‘g‘risidagi maʼlumotlarni o‘z vaqtida keng jamoatchilikka yetkazmaslik bilan ham bog‘liqdir.

Jumladan, 2020-2021-yillarda tizimda bo‘sh ish o‘rinlarini yashirish bilan bog‘liq 33 ta qonun buzilish holatlari aniqlangan. Birgina o‘tgan yilda tibbiyot muassasalarida ishga olish bilan bog‘liq 13 ta jinoyat sodir qilingan. Tahlil qilinganda 7 ta holatda muassasada aslida bo‘sh ish o‘rinlari mavjud bo‘lgan.

Masalan, Buxoro shahridagi 3-sonli poliklinika kadrlar bo‘yicha katta inspektori lavozimida  faoliyat yuritgan xodim 2021 yil oktyabr oyida  fuqaroni  hamshira  vazifasiga ishga  qabul  qilish  evaziga  600  AQSH  dollari pora olgan  vaqtda  ushlangan. Vaholanki,  jinoyat  sodir  bo‘lgan  paytda ushbu muassasada 2 nafar o‘rta tibbiy xodim tug‘ruq va bola parvarishlash taʼtiliga chiqayotganligi hisobiga bo‘sh ish o‘rni bo‘lgan.

Aytish lozimki, sog‘liqni saqlash sohasida yuzaga kelayotgan bu kabi tizimli muammolar nafaqat birgina viloyat, balki aynan respublika miqyosida korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni yuzaga keltiruvchi asosiy omillar sifatida saqlanib qolmoqda.

Shunga muvofiq, sog‘liqni saqlash tizimida «Korrupsiyasiz soha» loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar samaradorligini oshirish maqsadida quyidagilar taklif etiladi:

1.  Sog‘liqni saqlash vazirligining rasmiy veb-saytida tizimdagi barcha muassasalar kesimida bo‘sh ish o‘rinlari haqida maʼlumotlarni aks ettiruvchi alohida bo‘lim ochish va har oy yakuni bo‘yicha bu haqdagi maʼlumotlarni kiritib borish;

Bo‘sh ish o‘rnini qidirayotgan fuqaro buni real vaqt rejimida amalga oshirishini inobatga olib, qayd etilgan taklifni onlayn kiritib borish tartibini joriy etish;

2.  Tibbiyot muassasalariga ishga qabul qilish jarayonidagi byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish va xodimlarni ishga qabul qilishni ochiq tanlov asosida amalga oshirish hamda tanlov doirasida o‘tkaziladigan sinov tadbirlarini Internet tarmog‘i orqali real vaqt rejimida kuzatishni nazarda tutuvchi tartib joriy etishga oid aniq chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish;

3.  Sog‘liqni saqlash sohasida korrupsiya xavf-xatari yuqori bo‘lgan yo‘nalishlarni aniqlash maqsadida respublika va hududiy tibbiyot muassasalari kesimida ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish;

Tadqiqot natijalari asosida korrupsiya xavfi yuqori bo‘lgansoha, vazifa va lavozimlar ro‘yxatini shakllantirish hamda korrupsiyaga qarshi idoraviy chora-tadbirlarni joriy etish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilash;

4.  Sog‘liqni saqlash tizimidagi tibbiyot muassasalari faoliyatiga zamonaviy boshqaruv menejment tizimini joriy etish;

Bunda vazirlik tizimidagi tibbiyot muassasalari birinchi rahbarligi uchun “Bosh menejer” lavozimini bosqichma-bosqich joriy etish va ushbu lavozimga asosiy faoliyati professional boshqaruv bo‘lgan kadrlarni jalb etish, shuningdek, Bosh shifokor lavozimini ham saqlab qolgan holda“Bosh menejer o‘rinbosari-davolash ishlari bo‘yicha bosh shifokor” lavozimini joriy etish chora-tadbirlarini ishlab chiqish;

5.  Sohada elektron tibbiy xizmat ko‘rsatishni birlamchi vazifa deb belgilash va aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatishning barcha bosqichida inson omilini qisqartirish, elektron ko‘rsatiladigan xizmatlar sonini ko‘paytirish bo‘yicha aniq takliflar ishlab chiqish;

6.  Tibbiyot sohasida byudjet mablag‘larining maqsadsiz sarflanishi, o‘zlashtirilishi yoki talon-toroj etilishiga nisbatan kuchli jamoatchilik nazoratini o‘rnatish maqsadida barcha tibbiyot muassasalarini moliyalashtirishda aholi jon boshiga moliyalashtirish tizimini joriy etish.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati

Post Views: 814
Xabarlar Tags:korrupsiya, pora, rahbarlik, shifokor, sog'liqni saqlash sohasi, tamagirlik, tibbiyot

Post navigation

Previous Post: “Vardonze qo‘rg‘oni” arxeologik yodgorligining muhofaza hududiga va davlat manfaatlariga jiddiy zarar yetkazilgani aniqlandi
Next Post: 9-may – Xotira va qadrlash kuni!

Ko'p o'qilgan maqolalar

9-may – Xotira va qadrlash kuni! Xabarlar
“Vardonze qo‘rg‘oni” arxeologik yodgorligining muhofaza hududiga va davlat manfaatlariga jiddiy zarar yetkazilgani aniqlandi Xabarlar

Leave a Reply Cancel reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Maqolalar

  • Boshqaruv (1)
  • Mulohaza (6)
  • Uncategorized (1)
  • Xabarlar (3)

Arxiv

  • May 2022 (1)
  • March 2022 (4)
  • February 2022 (1)
  • December 2021 (4)

So’nggi maqolalar

  • 9-may – Xotira va qadrlash kuni! May 9, 2022
  • Sog‘liqni saqlash tizimida kadrlar siyosati bilan bog‘liq korrupsion holatlar aniqlandi March 18, 2022
  • “Vardonze qo‘rg‘oni” arxeologik yodgorligining muhofaza hududiga va davlat manfaatlariga jiddiy zarar yetkazilgani aniqlandi March 15, 2022
  • OʻZINI AGENTLIK XODIMI SIFATIDA TANISHTIRIB, FIRIBGARLIK QILGAN SHAXSGA SUD HUKMI OʻQILDI March 12, 2022
  • Korrupsiyaga qarshi kurashish va jinoiy daromadlarni legallashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar hamda kelgusidagi rejalar yuzasidan brifing o’tkazildi March 7, 2022

Antikorrupsiya.uz - Ijtimoiy-huquqiy, ilmiy-ma'rifiy targ'ibot sayti.
Maqsadimiz huquqiy bilim va madaniyatni yuksaltirishga ko'maklashish.
Korrupsiya illatini oldini olishda hissamizni qo'shish.

  • Facebook
  • Telegram

info@antikorrupsiya.uz

Copyright © 2021 antikorrupsiya.uz.

Powered by PressBook Blog WordPress theme