So‘nggi yillarda davlatimiz rahbari boshchiligida korrupsiyaga qarshi kurashish borasida keng ko‘lamli va izchil islohotlar amalga oshirib kelinmoqda. Albatta, bu jarayonda parlament quyi palatasi tomonidan ham korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi keskin kurashish borasida strategik rejalar ishlab chiqilgan. Mazkur rejalarda belgilangan vazifalarni amalga oshirishda asosiy eʼtibor korrupsiya illatining kelib chiqish sabab va shart-sharoitlarini aniqlash, ularga barham berish masalasiga qaratilmoqda.
Tahlillar va amaliyot natijalari davlat organlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligi korrupsiyaga qarshi kurashishdagi eng muhim va hal qiluvchi omil ekannini ko‘rsatmoqda. Tom maʼnoda, ochiqlik va shaffoflik korrupsiyaning ashaddiy dushmanidir.
Tan olishimiz kerak, bu borada qonunchiligimizdagi “bo‘shliq”lar va “oq dog‘lar” borligi sabab ushbu muammoga tizimli yondashgan holda uni bartaraf qilish uchun qonun ijodkorligi jarayonini yangi bosqichga olib chiqish va faollashtirish talab etiladi.
Masalan, “Davlat hokimiyati va boshqaruv organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi Qonunning 22-moddasida davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘lishi nazarda tutilgan. Biroq, Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligiga oid qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik yo‘q edi.
Qo‘mitamiz tomonidan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan “O‘zbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimchalar kiritish haqida”gi Qonun loyihasi ayni shu muammoni hal etishga qaratilgani bilan alohida ahamiyatlidir.
Qonun loyihasiga muvofiq, ochiq eʼlon qilinishi lozim bo‘lgan maʼlumotlarni eʼlon qilish tartibiga rioya etmaslik, maʼlumotlarni buzib ko‘rsatish yoki ularni ochiq maʼlumotlar portaliga hamda rasmiy veb-saytlarga joylashtirishning belgilangan muddatlariga amal qilmaslik davlat hokimiyati va boshqaruv organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik sifatida baholanib, bunday holatlarga nisbatan javobgarlik belgilangan.
Shuningdek, mazkur huquqbuzarlik aniqlangan taqdirda, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi mansabdor shaxslariga maʼmuriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnoma tuzish hamda sudga taqdim etish vakolati berilmoqda.
Qonun loyihasi deputatlar tomonidan ijobiy baholanib, birinchi va ikkinchi o‘qishda maʼqullandi.
Aminmanki, mazkur qonun qabul qilinishi davlat hokimiyati va boshqaruv organlari mansabdor shaxslarining ochiqlik borasida belgilangan majburiyatlarni bajarishdagi masʼuliyatini yana-da oshirishga hamda bu yo‘nalishda korrupsiyaning oldini olishga xizmat qiladi.
Dilmurod ISMAILOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining
Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi aʼzosi
